O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BANDLIK VA MEHNAT MUNOSABATLARI VAZIRLIGI

MEHNAT ORGANLARI XODIMLARI MALAKASINI OSHIRISH RESPUBLIKA KURSLARI

MEHNAT ORGANLARI XODIMLARI MALAKASINI OSHIRISH RESPUBLIKA KURSLARIDA MASOFAVIY TA'LIM SHAKLIDA MALAKA OSHIRAYOTGAN TINGLOVCHILAR UCHUN YO‘RIQNOMA

 

Mehnat organlari xodimlari malakasini oshirish respublika kurslarida masofaviy ta'lim shaklida malaka oshirayotgan  tinglovchilari uchun o‘quv kursining ichki tartib intizomiga rioya qilishi yuzasidan

TALABLAR

Hurmatli malaka oshirish kurslari tinglovchilari!

Siz bugun Mehnat organlari xodimlari malakasini oshirish respublika kurslarining masofaviy ta'lim shaklida malaka oshirish tinglovchilari safiga qabul qilindingiz!

Bugundan boshlab siz o‘quv kursining tinglovchisi sifatida quyidagi ichki tartib intizomlariga qat'iy rioya qilishingiz lozim.

I.Umumiy qoidalar:

  1. Masofadan o‘qitish ta'lim usullari orqali malaka oshirish onlayn (videoma'ruzalar, maslahatlar, nazorat turlarini masofadan turib real vaqt rejimida o‘tkazish) va offlayn (masofaviy ta'lim tizimidagi tegishli o‘quv-uslubiy resurslarni mustaqil ravishda o‘zlashtirish) shaklida amalga oshiriladi.
  2. Masofadan turib amalga oshiriladigan ta'lim axborot-kommunikasiya texnologiyalariga asoslanadi, tegishli soha yo‘nalishlarning o‘quv dasturiga mos holda ishlab chiqilgan o‘quv-uslubiy resurslar asosida va asosiy ishdan ajralmagan holda tashkil etiladi.
  3. Masofaviy ta'limning asosiy vazifalari:

Mehnat organlari xodimlarini sifatli ta'lim olish va intellektual qobiliyatlarini rivojlantirishda shaxsning ehtiyojlarini qondirish;

- mutaxassislarning kasbiy darajasini oshirish va ularning mustaqil bilim olish ehtiyojlarini qondirish;

- mamlakatning har qanday hududida va uning tashqarisida teng ta'lim olish imkoniyatlarini taqdim etish;

- o‘qitishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish yo‘li bilan ta'lim olish sifatini oshirish;

- uzluksiz ta'lim olish uchun shart-sharoitlar yaratish va intellektual salohiyatni rivojlantirish;

- ta'lim xizmatlarining barcha turlari va shakllarini takomillashtirish hamda rivojlantirish;

- davlat talablariga muvofiq modullar asosida yuqori sifatli o‘qitishni ta'minlash.

  1. Masofadan turib o‘qitish Respublika kurslari tomonidan ishlab chiqilgan va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv reja-grafik va o‘quv dasturlari asosida tashkil etiladi.
  2. Hududiy Bandlik bosh boshqarmalari masofaviy ta'lim tizimida malaka oshiradigan xodimlari to‘g‘risidagi ro‘yxatni shakllantirib, ushbu ro‘yxatni o‘quv kursi boshlanishidan uch kun oldin Respublika kurslariga taqdim etadi va shu asosda Resublika kurslari direktorining buyrug‘i bilan xodimlar masofaviy ta'lim kursi tinglovchilari safiga qabul qilanadi.

II.Siz quyidagi huquqlarga egasiz:

  1. O‘quv rejalari va o‘quv dasturlarida nazarda tutilgan, ko‘nikma va malakalarni egallash;

        * O‘quv kursi rahbariga o‘quv jarayonini yanada yaxshilash va malaka oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish;

        * Malaka oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan qo‘shimcha ma'lumotlar va maslahatlar olish;

        * Respublika kursida masofaviy ta'lim shaklida olib borilayotgan mashg‘ulotlar sifati bo‘yicha takliflaringizni berishingiz mumkin;

        * Tinglovchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.

III. Siz tinglovchi sifatida quyidagilarga majbursiz:

  1. Tinglovchi:

o‘quv kursi uchun belgilangan vaqt va muddat rejimida tegishli o‘quv materiallarini modullar kesimida to‘liq o‘zlashtirish;

modulni o‘zlashtirish uchun berilgan topshiriqlarni o‘quv kursi rejimida belgilangan vaqtda va shaxsan bajarish;

Respublika kurslari tomonidan berilgan login va parolni hamda shaxsiy kabinetidan boshqa shaxslarga foydalanish uchun ruxsat bermaslik;

har bir mavzu natijasi bo‘yicha nazorat savollarini topshirish;

tizimda tashkil etilgan seminar, konferensiya, davra suhbati va boshqa tadbirlarda qatnashish;

kurs yakuni bo‘yicha belgilangan shakldagi so‘rovnomada ishtirok etish va takliflar bildirish.

  1. Respublika kurslari direktorining buyrug‘i bilan masofaviy ta'lim kursiga qabul qilingan tinglovchilarga  administrator tomonidan tinglovchilarning shaxsiy profili shakllantirilib har bir tinglovchiga alohida elektron login va parol beriladi.
  2. Tinglovchi o‘ziga tegishli login va parol yordamida Respublika kurslarining «masofaviy ta'lim platformasi»ga kirib, o‘ziga tegishli ma'lumotlarni tasdiqlaydi va tinglovchiga administrator tomonidan o‘quv resurslaridan foydalanishiga ruxsat beriladi.
  3. Tinglovchi «masofaviy ta'lim platformasi»da joylashtirilgan o‘quv kursiga tegishli o‘quv modullari mavzu(ma'ruza, videoma'ruza, taqdimot slaydlari, glossariy)lari bilan tanishadi va modullar bo‘yicha berilgan topshiriqlarni bajaradi. Tinglovchi tomonidan modullar bo‘yicha topshiriqlar belgilangan ketma-ketlikda amalga oshiriladi.
  4. Tinglovchining malaka oshirish yo‘nalishi bo‘yicha dastlabki bilim, ko‘nikma va malakasining shakllanganlik darajasini aniqlash uchun kirish testi o‘tkaziladi.
  5. Tinglovchi malaka oshirish kurslarini tashkil etish va o‘tkazish jadvaliga qat'iy amal qilishi hamda o‘quv jarayonlarida shaxsan o‘zi ishtirok etishi va o‘quv kursi boshlangan kundan e'tiboran ikki kunlik muddatda masofaviy ta'lim platformasi orqali shaxsiy ma'lumotlarini tasdiqlashi shart.
  6. O‘quv kursi boshlangan kundan e'tiboran ikki kunlik muddatda masofaviy ta'lim platformasi orqali shaxsiy ma'lumotlarini tasdiqlamagan va belgilangan o‘qish muddati davomida o‘quv dasturini yakunlamagan tinglovchi masofaviy ta'lim kursidan o‘tmagan deb hisoblanadi va qaydnoma varaqasida qayd etiladi.
  7. O‘quv jarayonida 12 soatdan ortiq dars qoldirgan tinglovchilar o‘quv kursidan chetlashtiriladi va o‘quv kursi rahbariyati nomidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga va tinglovchining ish joyi rahbariyati nomiga “O‘quv kursi tinglovchisi safidan chetlatilganligi” haqida “Maxsus xat” orqali xabar beriladi.
  8. Tinglovchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.

IV.Tinglovchilar bilimlarini baholash

  1. Masofaviy ta'lim oluvchilarning bilimini nazorat qilish va baholash Respublika kurslari ichki normativ hujjatlariga hamda Masofadan o‘qitish ta'lim usullari orqali malaka oshirish kurslarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
  2. Mehnat organlari xodimlari uchun masofaviy shaklda malaka oshirish kurslarini tamomlagan tinglovchilarning bilimlari kirish va chiqish testlari hamda mavzular bo‘yicha nazorat savollari asosida baholanadi.
  3. Sinov imtihonini tashkil etish va o‘tkazish komissiyasi Respublika kurslari direktorining buyrug‘i bilan tuziladi. Komissiya a'zolari komissiya raisi va kamida ikki nafar a'zodan iborat bo‘ladi.
  4. Tinglovchilar bilan sinov imtihoni kasbiy faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hamda malaka oshirish davomida dastur asosida o‘tilgan mavzular bo‘yicha o‘tkaziladi. Sinov imtihoni o‘tish natijalari qaydnomada «sinovdan o‘tdi» yoki «sinovdan o‘tmadi» deb qayd etiladi. Komissiya raisi va uning a'zolari tomonidan ball sistemada baholanadi.
  5. Tinglovchi o‘quv rejadagi har bir modulni o‘zlashtirgandan keyin tegishli nazorat topshiriqlarini bajaradi. Bunda tinglovchiga har bir mavzu bo‘yicha umumlashgan 5 tadan 10 tagacha nazorat savollari beriladi. Nazorat savollari tegishli o‘quv dasturi mavzulari doirasida tuziladi. Nazorat savollarini bajarmagan tinglovchilar chiqish testiga qo‘yilmaydi hamda malaka oshirganlik to‘g‘risida sertifikat o‘rniga Respublika kurslari tomonidan ma'lumotnoma beriladi.
  6. Tinglovchi o‘quv kursi davomida o‘qitilgan barcha mavzular bo‘yicha tuzilgan 30 tadan kam bo‘lmagan miqdorda chiqish testini offlayn shaklida topshiradi. Masofaviy ta'lim platformasida 30 ta chiqish test savoliga 45 daqiqa ajratiladi. Chiqish test savollarining natijasi darhol e'lon qilinadi. Maksimal ballning 55 foizidan yuqori ball to‘plagan tinglovchi malaka oshirish kursidan o‘tgan hisoblanadi. Belgilangan ballni to‘play olmagan tinglovchilar malaka oshirish kursidan o‘tmagan hisoblanadi.
  7. Tinglovchilar tomonidan topshirilgan test natijalari avtomatik ravishda masofaviy ta'lim platformasi dasturi orqali qaydnoma varaqasida umumlashtiriladi va ushbu qaydnoma varaqasi O‘quv jarayonini tashkil etish bo‘yicha dekan, t'yutor va administrator tomonidan imzolanadi. Mazkur qaydnoma varaqasida to‘plangan natijalar sertifikat rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.
  8. Masofaviy ta'lim orqali malaka oshirish bo‘yicha ta'lim dasturlarini muvaffaqiyatli ravishda o‘zlashtirgan hamda Respublika kurslari talablarini to‘liq bajargan tinglovchilarga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlangan namunadagi sertifikat beriladi.
  9. Mehnat organlari xodimlarining masofaviy shaklda malaka oshirish natijalari yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga har bir guruh bo‘yicha ma'lumot berib boriladi.

     

RESPUBLIKA KURSLARI MA'MURIYATI